Flat Preloader Icon
Sun’iy intellekt va gadjetlar dunyosidagi yangiliklarSun’iy intellekt va gadjetlar dunyosidagi yangiliklar

Sun’iy intellekt va gadjetlar dunyosidagi yangiliklar

oblozhkainnov

Kalkulyator bo‘yicha davolanish, shaffof kiyimda yurish va tushda qo‘shnilar bilan suhbatlashish: gadjetlar va sun’iy idrok olamidan eng antiqa yangiliklar.

Instagram eski va kam ommalashgan storis va rilslar sifatini pasaytira boshladi. Agar eski videoni ko‘rishlar soni birdan orta boshlasa, uning sifati qayta tiklanadi. Bu haqda Instagram rahbari Adam Mosseri yozgan videoda ma’lum qilindi. U ayrim videolar boshqalariga nisbatan pastroq sifatga ega ekanligi sababini tushuntirdi. Bunday yondashuvni tushunish mumkin: ma’lumotlarni saqlash va kontentning yuqori sifati arzonga aylanmaydi va Instagram resurslarni yaqqol iqtisod qilayotgan ko‘rinadi.

7innov

Yaponiya kompaniyasi infraqizil nurlarni o‘ziga singdirib, ularni issiqlikka aylantira oladigan aqlli materialdan shaffof kurtka yaratdi. Mualliflarning va’dasiga ko‘ra, kurtka ichida harorat 19,4 °C gacha ko‘tarilishi mumkin — demak, siz hattoki qahraton qishda ham issiqda bo‘lasiz.

11innov

Olimlar erta o‘lim ehtimolini 78 foizgacha aniqlikda bashorat qiladigan neyrotarmoqli kalkulyatorni yaratdilar. U shifokorlar uchun aniqlash qiyin bo‘lgan yurakdagi yashirin muammolarni topish uchun EKG ma’lumotlarini tahlil qiladi. Dastur yurak yetishmovchiligi, aritmiya va boshqa kasalliklar xavfini o‘n yil oldindan aytib berishi mumkin. Sinov ishlari Londondagi shifoxonalarda keyingi yildan boshlanadi, shuningdek, besh yil davomida uni butun Buyuk Britaniya bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan.

3innov

Samsung foydalanuvchilarni telefon sozlamalariga kirish “zaruratidan” xalos qilishni ko‘zlamoqda. Kompaniya tomonidan sun’iy idrok negizida ishlab chiqilayotgan funksiya sizning odatlaringiz asosida bevosita ishtirokingizsiz zarur o‘zgarishlarni oldindan bilgan holda avtomat tarzda telefon sozlamalarini o‘zgartiradi. Endi dushanba kunlari uyg‘otkichni avtomat tarzda o‘chirish funksiyasini kutib qolamiz.


14innov

Daniyada dori vositalari ishlab chiqilishini sezilarli darajada tezlashtirish imkonini beruvchi ilk Nvidia superkompyuteri ishga tushirildi. Novo Nordisk va boshqa farmatsevtika kompaniyalarining tadqiqotchilari uni mutatsiyalarni tahlil qilish va vaksinalarni yaratish uchun qo‘llaydilar. Gefion superkompyuterining vazni 30 tonna bo‘lib, 65 kilometr kabeldan foydalanadi. U ayni damda DNK mutatsiyalari va vaksinalar ishlab chiqish sohasidagi tadqiqotlar kabi qator tajriba loyihalarida qo‘llanmoqda. Gefion klinik sinovlarni tezlashtirib, ularning qiymatini pasaytiradi. Bu yangi dori vositalarini tezroq bozorga chiqarish imkonini berib, murakkab kasalliklarni davolashga yordam beradi.


Tadqiqotchilar panda tasvirini DNK molekulalariga muvaffaqiyatli yozishga erishdilar. Ular DNKdan ma’lumotlar tashuvchisi sifatida foydalanib, qimmatbaho sintez usullarini aylanib o‘tdilar. Buning o‘rniga ular metillash — axborotni kodlash uchun DNK tarkibiga maxsus kimyoviy belgilar qo‘shiladigan jarayonni qo‘lladilar. Ma’lumotlarni DNKda saqlash g‘alati tuyuladi, ammo buning qator afzalliklari bor. Ulardan eng asosiysi ulkan saqlash zichligidir: atigi bir gramm DNK 215 ming terabaytgacha ma’lumotlarni sig‘dirishi mumkin.


17innov

Ish haftasini qisqartirish bo‘yicha olti oy davom etgan navbatdagi tajribada Germaniyadagi turli tarmoqlarga mansub 45 ta kompaniya ishtirok etdi. Ularning xodimlari haftasiga to‘rt kun ishlab, jismoniy va ruhiy holati sezilarli darajada yaxshilanganini, stress darajasi pasaygani va oila bilan o‘tkazadigan vaqt ko‘payganini qayd etdilar. Shu bilan birga, kompaniyalar uchun asosiy hisoblangan foyda va aylanma kabi ko‘rsatkichlar avvalgi darajada qolgan. Tajriba yakuniga ko‘ra, 70 foiz tashkilotlar to‘rt kunlik ish haftasini davom ettirish istagini bildirdilar.


Ray-Ban Meta smart-ko‘zoynagi sotuvlar bo‘yicha an’anaviy Ray-Ban modelini ortda qoldirdi. Buni brendning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi 60 foiz do‘konlari tasdiqlamoqda. Ko‘zoynak qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, suratga olish, to‘g‘ridan to‘g‘ri efir olib borish va xabarlar jo‘natish imkonini beradi. Hozirning o‘zidayoq Ray-Ban bilan hamkorlik Mark Sukerbergning so‘nggi yillardagi eng omadli qadami ekanligini ko‘rsatmoqda.


5innov

Shveytsariyalik muhandis elektr energiyasi uchun xarajatlarni 92 foizga qisqartirishga qodir dasturiy ta’minotni ishlab chiqdi. Uning ixtirosi SmartEnergy — oddiy rozetkaga ulanadigan ixcham moslama. U o‘rnatilganidan so‘ng uydagi barcha uskunalarning energiya iste’molini tahlil qilib, elektr quvvatini qayta taqsimlaydi va yo‘qotishlarni minimallashtiradi. Sinov natijalari shart-sharoitlardan kelib chiqib, xarajatlar 82 foizdan 92 foizgacha pasayganini ko‘rsatmoqda. Darvoqe, bu mutlaqo qonuniy. Bitta moslamaning narxi $99 bo‘lib, u elektr quvvati tejalishi hisobiga o‘rtacha ikki oyda o‘z narxini qoplaydi.


Olimlar odamga xuddi ayiqlar kabi sun’iy uyquga ketishga yordam beradigan tabletkani yaratish bo‘sag‘asida turibdilar. Ular ko‘rshapalaklar va odamlarning qonini tahlil qilgach, harorat pasayganida hujayralar yanada qayishqoq bo‘lib qolishini va bu organizmga quvvatni tejash imkonini berishini aniqladilar. Agar olimlar dori vositalari yordamida ushbu hodisani qayta yaratishning uddasidan chiqa olsalar, odamlar uchun gibernatsiya ehtimoli yuzaga keladi va bizni uzoq kutilgan Marsga sayohatlarga yaqinlashtiradi.


Olimlar birinchi marta uyqu vaqtida odamlar o‘rtasidagi muloqotga erishdilar — bu haqiqiy oldinga siljish. Tajribaning ikkita ishtirokchisi o‘z uylarida uyqu holatida bo‘lgan, ammo ularning miya to‘lqinlarini kuzatib turgan maxsus ishlab chiqilgan uskuna yordamida ularning biridan ikkinchisiga xabar yuborishga erishilgan. Tizim quyidagicha ishlagan: server ishtirokchilardan biri ongli tushlarni ko‘rish imkoni mavjud bo‘lgan jadal uyqu fazasiga o‘tishini kuzatib turgan. Server ishtirokchi o‘zini tushida anglay boshlaganini qayd etganida unga quloqchinlar orqali tasodifiy so‘z uzatilgan. Tushida odam so‘zni qaytargan va bu holat uskunada qayd etilgan.

Bir necha daqiqadan so‘ng server ikkinchi ishtirokchi ham ongli tush ko‘rish holatiga kirganini qayd etgan. Birinchi odam tomonidan aytilgan xabar ikkinchi odamga yuborilgan va u uyg‘onganidan so‘ng xabarni qaytargan. Bu axborot almashuvi uyqu davrida yuz berganini isbotlagan. Buni to‘laqonli suhbat deyish mumkin bo‘lmasa-da, olimlar tajribani uyqu davrida muloqot qilish va o‘qish texnologiyasini yaratish sari ilk qadam sifatida baholamoqda.

12innov

Vikipediya yangi tahdidga — yolg‘on xabarlarga to‘la generatsiya qilingan maqolalar oqimiga to‘qnash keldi. Foydalanuvchilar ChatGPT’dan tekshirilmagan holatlarni, jumladan, o‘ylab topilgan voqealar va shakllantirilgan tasvirlarni ommaviy tusda chop etmoqda. Masalan, Usmoniylar imperiyasida mavjud bo‘lmagan Amberlisixar qal’asi “kashf qilinib”, qisqichbaqalar haqidagi maqolada ta’riflangan yangi qo‘ng‘izlar turi o‘ylab topilgan. Saytni himoya qilish uchun ko‘ngillilar guruhining Vikipediyani yolg‘on ma’lumotlardan tozalash bo‘yicha loyihani ishlab chiqishiga to‘g‘ri keldi.


Venus Aerospace kompaniyasi yo‘lovchilarni istalgan nuqtaga ikki soatda yetkaza oladigan Stargazer M4 gipertovushli samolyoti konseptini taqdim qildi. Samolyot soatiga 7400 km tezlikka chiqish hamda 52 kilometrgacha balandlikka ko‘tarilish uchun raketa va to‘g‘ri nuqtali dvigatellar texnologiyasini o‘zida mujassam qilgan noyob gibrid dvigateldan foydalanadi. Bu, masalan, Moskvadan Vladivostokkacha ikki soatdan kamroq vaqtda yetib borish imkonini beradi. Samolyot hozircha faqat ishlab chiqish bosqichida mavjudligiga qaramay, dastlabki uchuvchisiz prototip sinovlarini 2025-yilda o‘tkazish rejalashtirilgan.

13innov

Bir necha yillik sinovlardan so‘ng Xitoyda portlardagi kemalarni masofadan turib boshqarish texnologiyasi rasman foydalanishga topshirildi. Guanchjou portidagi xodimlar kompyuterlar ortida o‘tirib, kemalardan yuklarni tushirmoqdalar. Ularning ixtiyoriga sun’iy idrok va 5G yordamida boshqariladigan haydovchisiz kranlar hamda avtonom elektr yuk tashuvchilar topshirilgan. Ish joylari qo‘lda nazorat qilish uchun yettita monitor va joystiklar bilan jihozlangan bo‘lib, bu operatorlarga kutilmagan vaziyatlarda jarayonga aralashish imkonini beradi.


Dasturchilar ChatGPT tufayli o‘zaro muloqotni amalga oshirmay qo‘ydi: odatda ishlab chiquvchilar savol beradigan va javob oladigan Stack Overflow saytida yarim yil ichida foydalanuvchilar faolligi 25 foizga pasaygan. Tadqiqotchilarning izohiga ko‘ra, odamlar savollarni ochiq platformalarda yozish o‘rniga, ularni tobora ko‘proq to‘g‘ridan to‘g‘ri sun’iy idrokdan so‘ramoqda.

4innov

Biroq muammo shundaki, ChatGPT kabi sun’iy idrok modellari foydalanuvchilarning ma’lumotlari asosida o‘qitiladi. Agar savol va javoblar yuborilmasa, yangi modellarni o‘qitish qiyinlashadi, sun’iy idrokning o‘zi tomonidan yaratilgan ma’lumotlardan foydalanish esa ularning sifatini yomonlashtiradi — bu xuddi nusxadan nusxa ko‘chirishga o‘xshaydi.

Hamkorlik yangiliklari