Oʻzbekistonda vkizlar tobora koʻpayib bormoqda va ularning hammasi oʻz tomoshabinini topishga ulguryapti. Buning sababi haqida suhbatlashamiz.
2010-yillarning boshida paydo bo‘lgan kvizlar barcha MDH davlatlarining poytaxt hamjamiyati orasida “yuqumlilashdi” hamda oʻyin maydoniga bormasa, ish haftasining oxiri (va hatto oddiy kunlarning kechki payti ham) toʻlaqonli boʻlmay qoladigan minglab sadoqatli muxlislarga ega bo‘ldi. Biz Toshkentdagi bir nechta kvizlar tashkilotchilari bilan suhbatlashib, bu “o‘choq” ichidan qanday ko‘rinishini bilib oldik.
Qayerda va qanday o‘tkaziladi?
“Jamoaviy intellektual o‘yin” — kvizning odatiy ta’rifi. Biroq ularni bunday atash o‘ta quruq eshitiladi: bu aslida bunday emasligini tushunish uchun hech bo‘lmaganda bir marta o‘yinda ishtirok etish lozim. Kvizda muhit va qizg‘inlik anchayin muhim.
“Quiz” so‘zi aynan “viktorina” deb tarjima qilinadi, u 1970-yillarda ingliz barlarida dunyoga kelgan. Aksariyat kvizlar hozir ham barlarda o‘tkaziladi, biroq bu yerda tashkilotchilar uchun tanlov erkinligi mavjud — tadbir o‘tkazish uchun kafe, restoran, banket zallari ham juda mos. Och qoringa bosh qotirish mushkul, shuning uchun taom va ichimliklar jarayonning ajralmas qismidir. Pirovardida, restoranlar bu singari tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdor, negaki kamida bir kechaga joylar to‘lishi ta’minlanadi.
Chinakamiga rejissyorlik nuqtayi nazaridan ham bu “Nima? Qayerda? Qachon?”dan ko‘ra qiziqroq. Nurali Latipov intellektual janglar bilan bir vaqtning o‘zida qovurilgan suluguni buyurtma qilganini yoki Fyodor Dvinyatin boshlovchiga emas, yaqindan o‘tib ketayotgan ofitsiantga murojaat qilib, yana bir bankacha muzdek ichimlik olib kelishini so‘rashini tasavvur qilib ko‘ring-a (darvoqe, bu aql bovar qilmasdek tuyuladi, ammo teleo‘yin tarixida bilimdonlar jonli efirda pivo ichgan davrlar ham bo‘lgan — homiy uchun nimalar qilmaysan-a!).



Kviz shunday o‘tkaziladi: boshlovchi jamoalarga savol beradi, ular maxsus blanka yoki planshetlarda javob berishadi. Agar o‘yin mobaynida telefonga qarab olishsa, jamoadan ochkolar olib tashlanishi mumkin. O‘rtacha hisobda kviz bir yarimdan ikki soatgacha cho‘zilishi mumkin. Bu vaqt ichida siz har biri 5–10 ta savoldan iborat bo‘lgan taxminan yetti raunddan o‘tishga ulgurasiz (format va franshizadan kelib chiqqan holda turlar miqdori va davomiylik farqlanishi mumkin).
Behzod Umarov, “RazumBoy” loyihasi asoschilaridan biri:
“Bizning o‘yin raqamlashtirilgan: u planshetlarda o‘tkaziladi, tizimning o‘zi savollar yuboradi va to‘g‘ri javob bergan jamoalarga ball qo‘shib yozadi. Shuningdek, biz o‘yin uchun deyarli ikki karra ko‘p savollar tayyorlaydigan va o‘yinchilarda bugun o‘yinda qanday kategoriyalar bo‘lishini tanlash imkoniyati bo‘lgan bozorda yagonamiz. Loyihaning o‘ziga o‘ndan ortiq odam safarbar qilingan: bular tashkilotchilar, savol tuzish ustida mehnat qiladigan muharrirlar hamda boshlovchilar, marketologlar, kvizmenlar (yordamchilar)”.
Muzaffar Mamadaliyev, Toshkentdagi “Kviz, pliz!” tashkilotchisi:
“Biz har bir kvizga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz va savollar sifatini kafolatlaymiz. Bizda mavzular xilma-xil — an’anaviy paketlardan tortib murakkabligi bo‘yicha moslashtirilgan savollar va tematik rekvizitga ega «Garri Potter» bo‘yicha o‘yinlargacha bor.”
Behzod Umarov, “RazumBoy”:
“Doimiy ravishda super sovrinlar o‘ynaladigan maxsus aksiyalar o‘tkaziladi. Hoziracha ayfonlar, ekzotik mamlakatlarga turistik yo‘llanmalar yutib olganlar bor. Yaqindagina «Oligarxdan iPhone va tushlik» o‘ynaldi, hozir «Oligarxdan iPad» o‘ynayapmiz. Mavsum yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi jamoa hamda o‘yinchilarni aniqlayapmiz.”
Muzaffar Mamadaliyev, “Kviz, pliz!”:
“O‘yinlarimizda ko‘plab yutuqli o‘rinlar mavjud. Doimiy kvizlarda yetakchilarning ilk uchligidan tashqari, 4-, 5-, 7-, 13- va oxirgi o‘rinlarni egallaganlarni ham mukofotlaymiz. Bundan tashqari, lototron o‘tkazib, randomayzer yordamida aniqlanadigan jamoalarga sovg‘alar tarqatamiz. Yetakchilarning birinchi uchligiga har doim diplom, sovg‘alar va hamkorlarimizdan sertifikatlar taqdim etamiz.
Yangi mavsum ochilishi kabi o‘yinlarda g‘olib jamoa «Kviz, pliz!»ni butun mavsum davomida bepul o‘ynash imkonini qo‘lga kiritadi. Bizda ikkita reyting mavjud — an’anaviy va musiqali. Mavsum ochilishi an’anaviy va musiqali reytingga kiradigan o‘yinlar uchun alohida o‘tkaziladi.”
Yuliya Sayasova, “Kviz Smuzi”:
“O‘yin yakunida uch nafar sovrindorni, shuningdek, g‘oliblar tasodifiy yo‘l bilan tanlaydigan bitta ixtiyoriy jamoani taqdirlaymiz. Ko‘pincha o‘yinlarda o‘yinchilarimizga mukofotlar taqdim etadigan homiylar ishtirok etadilar. 2024-yilning 1-yanvaridan boshlab bizda jamoalarning umumiy reytingi yo‘lga qo‘yildi. Muayyan darajadagi yutuq uchun biz jamoaga sovg‘alar topshiramiz.”
Kvizga kimlar boradi?
Kviz elita toifaga mansub kishilar uchun klub emas, balki keng ommaga mo‘ljallangan ko‘ngilochar tadbirdir. Bu do‘stlar bilan uchrashish, muloqot qilish, birgalikda qandaydir yangi narsa kashf qilish hamda vaqtni shunchaki mazmunli o‘tkazish uchun qo‘shimcha sabab. Bu yana a’lo darajadagi timbilding ham. Ishtirok etish uchun maxsus tayyorgarlik yoki ma’lumot talab etilmaydi — yaxshi kayfiyat hamda miya burmalarini ozgina zo‘riqtirish istagi kifoya.



Jamoada ikkitadan o‘ntagacha kishi bo‘lishi mumkin. Biroq kvizning asosiy joziba aynan jamoaviylikda: javoblar jamoaviy ong yordamida topiladi. Haqiqat muhokamalarda, ba’zan bahslarda tug‘iladi. Bir kishi o‘rtaga fikr tashlaydi, ikkinchisi bu fikrni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi, uchinchisi uni oxirigacha olib boradi — juda ko‘p hollarda to‘g‘ri javob topiladi. Hissiy jarayonni xotiraga muhrlashda fotograflar yordam berishadi. Ba’zi kvizlar hatto maskarad kabi o‘tadi.
Behzod Umarov, “RazumBoy”:
“«RazumBoy»ning kostyumlashtirilgan va tematik o‘yinlari — bizning alohida ajralib turadigan jihatimiz. Bu o‘z yangi qiyofangiz ustida ijod qilish, vaqtinchalik biror filmdagi qaroqchi yoki qahramonga aylanishning ajoyib imkoniyatidir.”
Kvizda bo‘lmaganmisiz? Boshlanishiga an’anaviy o‘yinni sinab ko‘ring. Savollar turli mavzularga taalluqli bo‘ladi — buyuk bastakorlardan tortib “O‘rdaklar hikoyasi” multfilmigacha. “Apple”ning birinchi logotipini eslash, mantiqiy jumboqni yechish yoki javobning to‘g‘ri variantini ichki sezgi orqali tanlash — bu uchrashi mumkin bo‘lgan bir nechta misollar.
Kino ixlosmandlari va musiqa “soqiy”lari uchun filmlar va musiqaga bag‘ishlangan alohida uchrashuvlar o‘tkaziladi. Kadrga qarab kinokartinani toping, audioparchadan aktyorning ismini toping, kaver yoki emoji mozaikasiga qarab qo‘shiq ijrochisini toping. Tematik o‘yinlar sport, kinofranshiza, serial, video‘yinlar, yapon animesi va hokazolar muxlislarini bir yerga jamlaydi.
Yuliya Sayasova, “Kviz Smuzi”:
“Bizda ko‘psonli o‘yinlar mavjud. Juda sodda o‘yinlar ham, murakkab o‘yinlar ham bor. Musiqaviylarida janrlar, davrlar xilma-xilligi, savollar miqdori mavjud. Birorta ham kvizda bizdagichalik fandomcha mavzular uchramaydi.”
Muzaffar Mamadaliyev, “Kviz, pliz!”:
“Ilk savollarni «Kviz, pliz!» asoschilarining o‘zlari tuzishgan. Hozirda savollar ustida nafaqat Moskva ofislarida, balki Rossiyadan tashqarida ham o‘nlab odamlar ishlaydi. Yildan yilga franshiza shiddat bilan rivojlanmoqda. «Kviz, pliz!»da o‘yinlarning yangicha formatlari ustida doimiy ish olib borilmoqda, raundlarni o‘tkazishning yangi mexanikalari paydo bo‘lmoqda, savollar murakkabligi moslashtirilmoqda. Keyingi yili bizning o‘z mobil ilovamiz bo‘ladi.”
Behzod Umarov, “RazumBoy”:
“Bu yili yangi mahsulot — «Razumbooo»ni ishlab chiqdik va yo‘lga qo‘ydik. Yangi dastur yozdik, o‘yinni yanada jo‘shqin va kutilmagan qiladigan yangi turlar o‘ylab topdik”.
Oliyhimmat biznes
Kviz franshizasi — bu eng kam tavakkal bilan o‘z biznesingizni ochishning oson yo‘li. Intellektual-ko‘ngilochar o‘yinlarga bo‘lgan talab doimiy tarzda ortib bormoqda, franchayzing esa katta mablag‘ talab etmaydi — shunday ekan, kvizni har qanday ko‘ngilli ochishi mumkin.



So‘nggi ikki-uch yil ichida ko‘ngilochar va intellektual o‘yinlarga qiziqish ayniqsa ortdi: 2022-yilda qiziqish 20 foizga, 2023-yilning boshida esa deyarli 70 foizga oshdi. Buni oson izohlash mumkin: yangi tadbirkorlarga hammasini noldan rivojlantirgandan ko‘ra, franshizani sotib olib biznes ochish foydaliroq va osonroq.
Muzaffar Mamadaliyev, “Kviz, pliz!”:
“«Kviz, pliz!»ning ilk o‘yini 2016-yilning martida Moskvada bo‘lib o‘tgan. O‘yin asoschilari — Andrey va Galya Glinskiylar. Loyiha bir lahzada shunchalik omadga erishdiki, 2017-yilga kelib ilk franshiza yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda «Kviz, pliz!» tarmog‘imizda 38 ta davlat va 184 ta shahar mavjud. Toshkentda franshiza 2018-yilning 1-dekabrida start olgan.
Franshiza ishga tushgandan boshlab loyihaning keyingi rivojlanishigacha to‘liq ko‘mak beradi. Birinchi beshta o‘yinga kerakli rekvizitlar: blanklar, ruchkalar, kichik jadvallar, diplomlar solingan quti jo‘natiladi. Franchayzlar ham «Kviz, pliz!»ning barcha infratuzilmasi: ijtimoiy tarmoqlarda joylanadigan postlar, savollar paketi, barcha rekvizitlarni tayyorlash bo‘yicha TV (texnik vazifa) va boshqalarga to‘liq ega bo‘ladi.”
Behzod Umarov, “RazumBoy”:
“Tashkil etilganiga bir necha yil bo‘lgan bu o‘yin boshqa kvizlar orasida o‘z o‘rnini mustahkam egallashga ulgurdi. O‘zbekiston kompaniyalari uchun timbildinglarni turli mavzu va tillarda: o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, hatto xitoy tilida ham o‘tkazamiz. «RazumBoy» Toshkentda tashkil etilgan, hozirda esa o‘yin franshizasini boshqa davlatlarda ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz.”
Dmitriy Budnik, “Kviz Smuzi”:
“«Smuzi» kvizi birinchi marta Moskvada 2018-yilda o‘tkazilgan. Vaqt o‘tishi bilan boshqa davlatlarda filiallar ocha boshladik. Faol tarzda o‘sish ayniqsa pandemiyadan so‘ng boshlandi. 2023-yilning 27-mayida «Smuzi» Toshkentda ochildi. Birinchi o‘yin «Garri Potter» filmi bo‘yicha bo‘lgan. Shov-shuv shunchalik kuchli tus oldiki, hatto ertasi kuni yana qayta qo‘yishga to‘g‘ri keldi.”



Bunday biznesda muvaffaqiyatga erishish uchun savollar o‘ylab topishning hamda pul daryodek bo‘lmasa-da, sersuv irmoqdek oqishini kutishning o‘zi kamlik qiladi. Muvaffaqiyatga erishish uchun o‘yin dasturini turli auditoriyaga moslab ikir-chikirigacha ishlab chiqishga, ishtirokchilarni jarayonga jalb qilish uchun shoumen bo‘lish, reklama beruvchilar va kvizlar o‘tkazilishi rejalashtiriladigan joylar egalari bilan muvaffaqiyatli kelishish uchun mohir muzokarachi bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Bu mushkul va oliyhimmat mehnat sanaladi. Axir bilim — bu kuch.