Siz uchun katta kompaniyalarning muvaffaqiyat tarixiga doir kitoblarning yangi ro‘yxatini tayyorladik.
Insonga e’tibor
Mixail Jukov. HeadHunter. Muqarrar muvaffaqiyat. Oddiy startapning onlayn-rekrutment yetakchisiga aylangani va mehnat bozorini o‘zgartirgani haqida

“Odamdan vazifa tomonga qarab yurish kerak” — Mixail Jukov 2008-yilda HeadHunter yangi bosh direktori sifatida o‘tkazgan uchinchi suhbati chog‘ida shunday fikrga kelgan. U kichik startapni kadrlarni tanlash bo‘yicha Rossiyadagi eng yirik platforma maqomiga olib chiqishda aynan shu tamoyilga tayangan.
“Odamdan vazifa tomonga qarab yurish kerak” — Mixail Jukov 2008-yilda HeadHunter yangi bosh direktori sifatida o‘tkazgan uchinchi suhbati chog‘ida shunday fikrga kelgan. U kichik startapni kadrlarni tanlash bo‘yicha Rossiyadagi eng yirik platforma maqomiga olib chiqishda aynan shu tamoyilga tayangan.
Ish va xodimlarni izlash bo‘yicha eng yirik jahon saytlari top-3 qatoridan o‘rin olgan kompaniyani yaratishda Mixail Jukov Rossiyada rekruting madaniyatini tubdan qayta anglashga e’tibor qaratgan. U xodimlarni tanlashda ortiqcha qog‘ozbozlik bilan qat’iy bog‘lanib qolgan eskirgan tizimdan va keyinchalik bir ommaviy chiqishda o‘zi tan olganidek, “kadrchilar”dan chetlashishga intilgan.
Jukov bu kasbning odatiy vakili “boshidagi qalpog‘ini hattoki xona ichida ham yechmaydigan xola” sifatida tasvirlagan. Kompaniyani transformatsiya qilish yo‘lida u hh.ru saytini ish beruvchilarga qanday xodimlar kerakligini, ularni qanday topishni va (bu muhim!) ishga yollaganidan keyin ularni nima qilish kerakligini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan yirik ekspertlik markaziga aylantirishni maqsad qilgan.
Bunda rezyumelarni tanlash algoritmlari va nomzodlarni baholashning aqlli tizimlari qo‘llangan, ammo inson kapitalining muhimligi g‘oyasi markaziy o‘rinda qolgan. Asosiysi — u o‘z vazifasini uddalay oldi! Bu haqda ham muallifning o‘zi, ham kompaniyaning yetakchi xodimlari tilidan kitob sahifalarida tanishish mumkin.
Ochiqlik tanlovi
Maksim Kotin. Mijg‘ov bilag‘onlar ham biznes yuritadi. “Dodo Pitsa” asoschisi Fyodor Ovchinnikovning g‘aroyib voqeasi: omadsizlikdan milliongacha

Ilk muassasa ish boshlaganida Ovchinnikovning asosiy maqsadi “eng zo‘r pitsa” bo‘lgan. Bir qarashda oddiydek tuyulishi mumkin. Biroq minglab mijozlar va raqobatchilarni bunga qanday ishontirish mumkin? Fyodor biznesning barcha jihatlarida “ochiqlikni” tanlashga qaror qilgan. Mijozlarning ishonchini qozonish uchun u pitsani tayyorlash va yetkazib berishning har bir bosqichiga shaffof tus bergan.
Jamoa bilan ishlashda ochiqlik xodimlarga g‘oyalarni taklif qilish va kompaniya hayotida ishtirok etish imkonini beradigan qurolga aylangan. Kotin kitobida Ovchinnikovni atrofdagilarning yaqqol shubhalariga qaramay, o‘z maqsadi tomon yurishda davom etadigan va, eng muhimi, g‘alabaga erishadigan “qat’iyatli idealist” sifatida ta’riflaydi. Natijada Ovchinnikov besh yilda Siktivkar shahrida pitseriya ochishdan tortib dunyoning 22 davlatida mingdan ortiq restorandan iborat tarmoqqacha yetib bordi.
Kitobdagi bir jumla mashhur iqtibosga aylanishi ham mumkin: “Agar olaming faqat Siktivkar shahri bilan cheklangan deb o‘ylasang, u shundayligicha qoladi. Agar sen butun dunyoga egalik qilishingga ishonsang, demak butun olam seniki bo‘ladi”.
Kuch — nomda
D. Dayer, F. Dalzell, R. Olegario. Procter & Gamble. Omad sari yo‘l. Brend qurishning 165 yillik tajribasi

Procter & Gamble nomi dunyoning deyarli har bir burchagida ma’lum: XIX asr o‘rtalaridan sovun va sham ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya raqobatchilarini ketma-ket ortda qoldirishdan tashqari, doim barqaror ommaboplikka erishib kelgan. Bu natijaga qanday erishilganini o‘z kitobini kompaniyaga bag‘ishlagan Devis Dayer, Rovena Olegario va Frederik Dalzell aniqladilar.
Ular oshkor qilgan asosiy sir kompaniyaning muntazam o‘z mahsuloti sifatini yaxshilashga uringanida emas — buning obyektiv chegaralari mavjud. Asosiy sir marketingga yangicha yondashuvda bo‘lgan: Procter & Gamble alohida mahsulotlar reklamasiga juda katta resurslarni yo‘naltirish orqali tom ma’noda brending kashshofiga aylangan. Bu yerda ommaviy axborot vositalari asosiy qurolga aylanib, kompaniyaga iste’molchilar bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatishga yordam bergan.
To‘xtovsiz muammolarni izlash
Dmitriy Sokolov-Mitrich. Yandeks.Kitob
“Rossiya — qidiruv bozorida Google emas, mamlakatning o‘z kompaniyasi yetakchilik qiluvchi dunyodagi to‘rt mamlakatning biri”, — deya hayrat bilan e’tirof etadi yozuvchi Dmitriy Sokolov-Mitrich o‘zining Yandeks haqidagi kitobining kirish qismida.

Kompaniya mahsulotlari yuz millionlab Runet foydalanuvchilari hayotiga kirib borganiga qaramay, Yandeks tarixi va asosiysi, uning texnologiyalar tarixi uchun ahamiyati nafaqat xalqaro maydon, balki Rossiyaning o‘zida ham oxirigacha yaxshi anglanmagan bo‘lib qolmoqda. Muallifning kompaniya yaratilgan vaqtdan boshlab uchta o‘n yillikni qamrab olgan solnomasi aynan shu bo‘shliqni to‘ldirishga bag‘ishlangan.
Kitob asoschilar va yetakchi mutaxassislardan olingan intervyulardan jamlangan: ular kompaniyaning “Yandeks.Qidiruv”, “Yandeks.Xarita” va “Yandeks.Taksi” kabi asosiy xizmatlari qanday yaratilganini yodga oladilar. Faol tarzda iqtiboslarga aylanib borayotgan ana shu hikoyalar yordamida kompaniya tarixi bilan tanishishdan tashqari mamlakatdagi eng muvaffaqiyatli internet-kompaniyani yaratishga yordam bergan g‘oyalarni tushunish mumkin.
Masalan, “atrofdagi olamning nomukammalliklari —Yandeks rivojlanishining asosiy manbayi” ekanligini. Barqaror rivojlanish bo‘yicha direktor Dmitriy Ivanov o‘z intervyusida tushuntiradi: “Atrofga nazar tashlash, borliqning qandaydir nomukammalligini ko‘rish va uni bartaraf qilish uchun o‘zingni, yaxshisi esa atrofdagi odamlarni to‘g‘ri tashkillashtirishga harakat qilish lozim!”.