Skip to main content

Tadbirkor biznesini qanday boshlagani, Telegram vitse-prezidenti bilan uchrashuvini hamda nima uchun mamlakatimizda bu ilova keng ommalashgani haqida hikoya qildi

ClickMe asoschisi qachonlardir birinchilardan bo‘lib Telegram’da reklamaga doir o‘zaro aloqalarni rivojlantirgan, hozirda esa bu soha bo‘yicha O‘zbekistondagi bosh mutaxassisga aylangan. U o‘zining The Mag nashriga bergan intervyusida biznesini qanday boshlagani, Telegram vitse-prezidenti bilan uchrashuvini hamda nima uchun mamlakatimizda bu ilova keng ommalashgani haqida hikoya qildi. Bonus sifatida, Timur Telegram Ads qanday ishlashi va bu platformada targeting qanchalik batafsil bo‘lishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.


  • Siz endi ish boshlagan 19 yil avvalgi marketing bilan bugungisi o‘rtasida qanday asosiy farq bor?

Bevosita marketing bilan sal keyinroq shug‘ullana boshlaganman. Avvaliga “Bilayn” kompaniyasining ma’muriy xizmatiga ishga joylashganman. Tabiiyki, biron tajribasiz meni marketing bo‘limiga hech kim ishga olmagan bo‘lardi. Ishimda eng qizig‘i xizmat safariga yuborilgan xodimlarni kutib olish va kuzatib qo‘yish edi. Bir yil davomida yaxshi aloqalar o‘rnatishga ulgurdim, chunki ishimga jon-jahdim bilan kirishgandim. Men direktordan tortib texnik xodimlargacha hammani bilardim.

“Bilayn”da bir yil o‘tgach, sotuvlar xizmatida merchendayzing bo‘yicha mutaxassis vakansiyasi ochilgan. O‘shanda bu umuman tushunarsiz so‘z edi. Men bu yo‘nalishdagi ilk mutaxassislardan biriga aylandim: “Bilayn” uchun O‘zbekistondagi birinchi riteyl-buk, ya’ni aloqa salonlarida reklamani joylashtirish qoidalari ustida ishlaganman.

Bu bo‘limda uch yil ishladim, oxirgi lavozimim – hududlarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan: men savdo mutaxassislarini va xuddi o‘sha salonlarni, jumladan ulardagi reklamani nazorat qilardim. “Bilayn” – haqiqiy supermaktab va undan juda minnatdorman.

Keyinroq oilali, farzandli bo‘ldim va o‘sishda davom etish zarurati yuzaga keldi. Men “Sherin” kompaniyasiga ishga o‘tdim. Hozirda bu O‘zbekistondagi eng yirik kolbasa ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, bozorning 80-90 foizini qamrab olgan. Biz kompaniyada ilk marketing bo‘limini tashkil qilganmiz. Va hozir ishlab chiqarish, texnik va distribyutorlik yo‘nalishlaridan tashqari, marketing qismi ham mahsulotni ommalashtirishda muhim rol o‘ynaganini yaxshi tushunaman.

Timur Bakiyev: “Tanglik – butun kitobning emas, shunchaki bir bo‘lim yakuni”

  • Kompaniya rahbariyatiga ham tan berish zarur.

Mutlaqo to‘g‘ri. Biz yangi mahsulotlar, sloganlarni yaratardik. Men bugun ham sosiskalar qadog‘ida yoziladigan “Bu menga yoqadi” sloganini o‘ylab topganman.

30 yoshimda klassik tanglik holatiga uchradim. Qizig‘i, aksariyat odamlar buni qandaydir salbiy holat sifatida qabul qiladi. Biroq men tanglik – butun kitobning emas, shunchaki bir bo‘lim yakuni ekanligini va jiddiy o‘sish uchun imkoniyat berishini tushundim. Bunda ikki yo‘l bor: sen “qo‘lni qo‘ltiqqa urib”, chetga o‘tishing – yoki bir necha baravarga o‘sishing mumkin. O‘shanda birinchi marta shaxsiy biznes haqida o‘ylab qoldim.

Shu sababdan, o‘zimga achinish o‘rniga fikrlay boshladim. Miyamga kelgan birinchi hayol – hech qachon hozirgidek bo‘lmaydi. Ikkinchisi – ha, men chindan shaxsiy biznesimni yuritishni istamayn.

O‘zbekiston klassik marketing bosqichidan oshib, darhol Rossiya va Qozog‘iston faqat bir-ikki avvalgina kirgan ijtimoiy tarmoqlarga o‘tdi

Men ikkala ishimdan bo‘shadim. Sakkiz yil avval O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasida nimalar bo‘layotganini odamlar umuman tushunmasdi. U paytlarda Daryo va Kun.uz kabi mashhur nashrlar endigina shakllanayotgan edi. Asoschilar, tahririyatda uchtadan odam – hammasi shundan boshlangan.

Dastlab Yura Podstavin bilan birga chegirmalar sotuvi bo‘yicha kuponator saytini yaratishga qaror qildik. Hozir bu biznes ortda qolgan, ammo o‘shanda yaxshigina amal qilgan. Bizda klassik startap bo‘lgan. aslida, butun kuponator biznesi sayt orqali o‘tadigan tranzaksiyalar miqdoriga tayanadi. Ular qancha ko‘p bo‘lsa, sen shuncha ko‘p daromad qilasan. Bu saytga kirishlar va foydalanuvchilar soniga bog‘liq. Shuning uchun asosiy vazifa – ana shu foydalanuvchilarni muntazam ravishda jalb qilishdir.

Biz qanday qilib bu mahsulotni ishga tushish bosqichidan avval ommalashtirish mumkinligi ustida o‘ylay boshladik. Budjetni hisobladik – va yetarlicha katta mablag‘ hosil bo‘ldi. Menda bunday pullar bo‘lmagan, ammo investitsiya olishni ham istamadim. Sayt bilan qiziqtirish mumkin bo‘lgan yuzerlarni topish haqida bosh qotira boshladik. Shunda O‘zbekistonda endigina paydo bo‘lgan va yarim yildirki kanallar ochish mumkin bo‘lgan Telegram’ga duch keldik. Aynan shu yangi mahsulotda o‘zimiz uchun jiddiy salohiyatni ko‘rdik.

  • Buni ko‘ra olish ham muhim edi. Ko‘plab turli mahsulotlar ochilib, yarim yil o‘tgach yo‘qolib ketadi.

To‘ppa-to‘g‘ri. O‘shanda O‘zbekistonda Facebook va Instagram davri boshlangandi, SMM-agentliklar ochilayotgandi. Lekin hech kim Telegram’ga qaramasdi, hech kim unga ishonmasdi. Biz esa ishondik va unga pul tikdik.

Omadim kulib, Daryo saytining startida ishtirok etganman. O‘zbekcha yangilik saytlari o‘zbek tili tufayli rivojlanib ketdi – xabarlar ham lotin, ham kirill alifbosida joylanardi. O‘zbek tili ona tili bo‘lgan foydalanuvchilar ko‘paygandi, ammo ular o‘z tilida hech qayerdan ma’lumot topa olmasdi. Facebook va Instagram u paytda tilga doir masalani hal qilmagan – butun kontent rus va ingliz tilida bo‘lgan.

Yana bir omil: O‘zbekistonda simli internet uncha yaxshi emas. Viloyatlarda yashaydilar aksariyat foydalanuvchilar mobil tarmoqdan foydalanadi. Telegram esa kam trafik sarflaydi (avval ham kam sarflagan).

Men rus tilida reklama joylashtirish qiziq emasligini, o‘zbekchada esa ham auditoriya, ham kompaniyalar orasida talab kattaligini tushunardim.

Sakkiz yil avval, yodingizda bo‘lsa, saytlar hukmronlik qilardi. Hozir ular deyarli hamma yerda auditoriyasini yo‘qotmoqda. Bu holatni o‘shandayoq oldindan ko‘ra bilganman. Bunda menga o‘zbek bozori yordam bergan! O‘zbekiston klassik marketing bosqichidan oshib, darhol Rossiya va Qozog‘iston faqat bir-ikki avvalgina kirgan ijtimoiy tarmoqlarga o‘tdi.

Timur Bakiyev: “Tanglik – butun kitobning emas, shunchaki bir bo‘lim yakuni”

Natijada biz Telegram’da reklama bilan shug‘ullaga boshladik. O‘shanda unda bironta ham yirik brend bo‘lmagan. Va meni telba deb o‘ylashgan. Hatto hozir ham “Axir, bu shunchaki messenjerku!” degan gapni eshitaman. Men esa 2016-yildayoq unda yaxshi asoslanib ishlardim.

Telegram’da ilk marta yirik yo‘lga qo‘yilgan yaqindagina ochilgan va birinchi arzonlashtirilgan savdoni o‘tkazayotgan Samarkand Darvoza savdo markazining reklamasi hali ham yodimda. Ma’lumki, O‘zbekistonda Black Friday bo‘lishi mumkin emas, shu bois savdoga Magic Friday nomi berilgan. Biz 20ta telegram-kanalda joylandik. Ularning eng kattasi Kun.uz edi: ammo u vaqtda saytning obunachilari soni hozirgidek milliondan ortiq emas, 50 mingta bo‘lgan. 24 soat ichida post 500 ming marta ko‘rildi. O‘sha davrdagi O‘zbekiston uchun – ulkan raqam.

Bu arzonlashtirilgan savdodan bir sutka avval yuz bergan. Keyingi kuni men Samarkand Darvoza yonida haqiqiy tirbandlik, odamlar ommasiga guvoh bo‘ldim. Shu tariqa, to‘g‘ri tanlov qilganimni tushundim. Bozor ham buni yaxshi qabul qildi. Menda 10 kun ichida hozirgacha birga ishlaydigan 4-5ta yirik mijoz paydo bo‘lgan.

  • Biroq, u paytlarda Telegram’ning reklama imkoniyatlari ancha cheklangan edi.

Ha, odamlar ham Telegram’dan ko‘p foydalanmasdi. Lekin o‘shandayoq bu ish bergan! Biz telegram-kanallardan iborat media-tarmoqni yarata boshladik. Aytish kerakki, bu kanallar bizga tegishli emas. Biz eksklyuziv imkoniyatlarga ega xaridorlarmiz.

  • Menimcha Telegram – allaqachon superappga aylangan. Hamma narsa uchun bitta ilova

Men O‘zbekiston va Qozog‘istondagi (kompaniyalarning mamlakatimizdagi bozor uchun javob beruvchi xalqaro ofislari asosan u yerda joylashgandi) katta brendlar bilan uchrashib, ularga o‘zbek tiliga asoslangan auditoriya uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan keng qamrovli yangi mahsulotni taklif qilardim.

  • Endi bu mutlaqo boshqa hikoya.

Ha, sakkiz yil ichida u sezilarli darajada o‘sdi. Men esa 90 foiz mijozlarimning telefonida Timur ClickMe emas, balki Timur Telegram sifatida yozilganman. Men uning Telegram mohiyatan jonli narsaga aylangan, chunki u meni, oilamni va kontent yaratuvchi ko‘p sonli ma’murlarni boqardi.

O‘zbekiston Telegram’dagi faol foydalanuvchilar soni bo‘yicha uzoq vaqt 1-o‘rinni egallab kelgan. Kun.uz esa uzoq vaqt davomida MDH hududidagi eng katta kanal bo‘lgan. Ba’zida hazil ham qilaman: O‘zbekiston – Telegram g‘olib bo‘lgan mamlakat.

Hozirda Telegram – shunchaki oddiy messenjer emas. Kanallar paydo bo‘lganidan keyin u axborot manbaiga aylandi. O‘zing haqingda tavsif berish imkoniya paydo bo‘lgani zahoti, Telegram ijtimoiy tarmoqqa aylandi.

Bundan tashqari, menimcha Telegram – allaqachon superappga aylangan. Umuman olganda oddiy ilovalar asri o‘tib bo‘ldi. O‘sha Instagram va YouTube bunga yaqqol misoldir. Siz, masalan, Telegram’da ishlayotgan vaqtda mutlaqo xilma-xil kontentni iste’mol qilishingiz mumkin: yangilik o‘qish, translyatsiyalarni tomosha qilish, do‘stlar bilan muloqot qilish, yegulikka buyurtma berish. Hamma narsa uchun bitta ilova.

Telegram bu sohada birinchi bo‘lgan deya olmayman, chunki Xitoyda allaqachon WeChat bo‘lgan. Bu Xitoyda faqatgina bosh messenjer emas, balki asosiy to‘lov xizmati hisoblanadi. Superapplar – tobora rivojlanib boradigan umumjahon tendensiyasi. Ilovani “arralab”, APP Store yoki Google Play’da joylashtirgandan ko‘ra, shu ilova ichida o‘z mini-ilovangni yaratganing ma’qul.

Timur Bakiyev: “Tanglik – butun kitobning emas, shunchaki bir bo‘lim yakuni”

  • Telegram Ads paydo bo‘lganidan keyin ishingizda qandaydir o‘zgarish bo‘ldimi?

Bir yildan sal avvalroq Telegram haqiqatdan reklama uchun yangi platformani ishga tushirdi. O‘shanda ko‘pchilik “Timur, siz shug‘ullangan reklama endi ish bermaydi, axir Telegram’ning o‘zi buni bajaradi” deyishgandi. Yo‘q.

Telegram Ads platformasi foydalanuvchi, yakuniy iste’molchiga yo‘naltirilgan, ammo kanallarga hech qanday bosim o‘tkazmaydi. Muhim jihat: reklama shaxsiy chat va guruhlarda emas, faqat kanallarda namoyish etiladi. Agar kanal obunachilari soni mingdan kam bo‘lsa, reklama paydo bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bu matnli shakl – havolani ilova qilish imkoniyatiga ega probelli 160 mingta belgi. Va bunday reklama eng oxirida paydo bo‘ladi. Shu tariqa, u ma’mur joylashtiradigan kanaldagi postlarga bog‘liq emas. Muvofiq ravishda, Telegram ma’murlarning pul topishiga to‘sqinlik qilmadi, chunki odamlar foyda olish uchun kanallar yuritadi.

Avvaliga Telegram Ads Rossiyada yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonda foydalanish imkoni yo‘q edi, ammo rusiyzabon kanallarda reklama qilish mumkin edi. Telegram hududlarni aniq chegaralamagan, bu avtomat rejimda amalga oshgan. O‘zbekistonlik aksariyat o‘quvchilar telegram-kanallarda ko‘proq Rossiya kompaniyalarining reklamasini ko‘rgan.

O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilari 20 milliondan oshadi. Na Meta, na Google bunday ko‘rsatkich bilan maqtana olmaydi

Mavzu qiziqarli bo‘lib ko‘rindi, men O‘zbekistonda rus tili – “tor doira” ekanligini tushungan holda, rossiyalik kompaniyalardan biri bilan agentlik shartnomasini tuzdim. Tabiiyki, bizda Telegram’ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish bo‘lmagan va biz o‘zbek tilida reklama joylashtirish imkonini izlay boshladik.

Ma’lum vaqt o‘tgach, nihoyat Telegram o‘zbek tilini yo‘lga qo‘yishga tayyor bo‘lgan vaqt yetib keldi va ular Rossiyadagi agentliklarga murojaat qila boshladilar. Xullas, menga hech qanday va’da bera olmasliklarini, ammo test rejimida ishga tushirishga urinib ko‘rishlarini aytishdi. Men uzoq kutilgan vaqt kelganini tushundim. Yo chikka, yo pukka.

Shu tariqa Dubayga bordim, Telegram vitse-prezidenti bilan uchrashuvga erishdim – va hammasini uddaladim. Bizni u yerda juda yaxshi qabul qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning o‘zi mahalliy o‘yinchilarni izlayotgan ekan, chunki Rossiya kompaniyalari na til, na bozor xususiyatlarini bilmaganligi uchun baribir o‘zbekistonlik odamlarni izlash kerak bo‘lishini tushungan.

Bizning ilova va undan foydalanishga doir uddaburonligimiz Telegram vakillarini hayron qoldirdi. Rossiyada esa Telegram nisbatan yaqinda ommasha boshlagandi. U yerda uzoq vaqt davomida Telegram – har kim o‘zi haqida nimadir yozadigan blogerlarning reklamasi sifatida tushunilgan. Biz esa buyurtmachidan video va fotolar olib, barcha kanallarda uzatamiz. Ya’ni bizda yondashuv yanada keng ko‘lamga ega.

Shunday qilib, 25 daqiqa davom etishi kerak bo‘lgan uchrashuvimiz bir yarim soatga uzayib ketdi. Bizga sinab ko‘rish imkoni berildi, bu imkon uchun juda minnatdorman. Sakkiz yil ichida Telegram menga o‘zim istagan hamma narsani bergandek his qilaman. Shu bois, Telegram’ga bundan foyda olish imkonini berish – mutlaqo adolatdan.

  • O‘zbekiston hozir nimaga ega bo‘ldi?

Biz Rossiyadan keyin birinchi bo‘ldik, MDH bo‘ylab boshqa hech qayerda Telegram doirasida O‘zbekiston ichida foydalanuvchilar bilan o‘zaro munosabatga kirishish bo‘yicha bunday noyob vosita mavjud emas.

Birinchisi, bu – geo. Bir odamning aynan qanday reklamani ko‘rishi O‘zbekiston xaritasidagi qaysi nuqtadan Telegram’ga kirishiga bog‘liq. Agar reklama faqat Samarqand aholisi uchun joylashtirilsa, shu shahardagi obunachi kanalga kirganida uni ko‘radi. Agar Toshkentda bo‘lsangiz, uni ko‘rmaysiz.

Umuman olganda, O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilari 20 milliondan oshadi. Bu juda katta raqam. Bunday foydalanuvchilar soniga ega bironta ham ekomuhit mavjud emas. Na Meta, na Google bunday ko‘rsatkich bilan maqtana olmaydi. Va katta kompaniyalar uchun asosiy muammo – viloyatdagi foydalanuvchilarga yetib borishdir (bu butun O‘zbekistonning 70 foizi).

Timur Bakiyev: “Tanglik – butun kitobning emas, shunchaki bir bo‘lim yakuni”

Hozirgacha televideniye viloyatlardagi foydalanuvchilarni ommaviy qamrab olishning yagona vositasi ekanligiga doir fikr mavjud. Bunga rozi bo‘lmasdan iloj yo‘q, ammo endi Telegram Ads yordamida axborotni yanada samarali yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Ko‘p sonli yoshlar (30 va undan kichik yoshdagi) umuman TV tomosha qilmaydi. Bundan tashqari, televideniyedagi reklamani qancha tomoshabinlar ko‘rganini bilish mumkin emas. Shuningdek, u yerda klik bosish, o‘tish imkoniyati yo‘q. Ya’ni, TV faqat imijga xos reklama, taniqlilik uchun yaxshi maydon bo‘lib qolmoqda.

Google o‘zbek tili mavjud emasligi sababli faqat Toshkent va qaysidir markaziy hududlarni qamrab olgan. Meta esa, masalan, ko‘p trafik iste’mol qiladi va bu sifati o‘rtacha internet tufayli noqulay. Demak, Telegram Ads eng qulayi bo‘lib chiqmoqda. Bundan tashqari, unda kliklar, o‘tishlar, obunachilar, o‘zaro aloqalar bo‘yicha mutlaqo hamma statistika mavjud. Bu barcha harakatlar va reklama samaradorligini baholash imkonini beradigan to‘laqonli tizim.

Ikkinchi noyob imkoniyat – qiziqishlar bo‘yicha reklamadir. Telegram’ning o‘zi kanallarni indekslaydi. Masalan, ayollar uchun va sport kanallarini olib, diniy kanallarda reklama namoyishini istisno qilish kerak. Bundan tashqari, Telegram bilan hamkorlikda yanada aniq sozlanishni amalga oshirdik – birgalikda mingdan ortiq kanallarni tahlil qildik. Telegram buni avtomat rejimda bajarishi sababli, ayrim joylarda tuzatishlar kiritdik.

Biz Telegram’da foydalanuvchilar bilan ishlash vositalari noyobligi bo‘yicha MDH hududida Rossiyadan keyin birinchimiz

Uchinchi vosita – telefonlar bazasi asosida reklama qilish imkoniyati. Bunda ikkita muhim shart mavjud: raqam 998 sonlaridan boshlanishi hamda odam Telegram’ga O‘zbekistondan kirishi kerak. Reklamani boshlash mumkin bo‘lgan raqamlarning eng kam soni – mingta. Ana shunda retargeting uchun mislsiz imkoniyatlar yuzaga keladi! Aytgandek, Rossiyada telefon raqamlari bo‘yicha reklama qonunan bekor qilingan, bu faqat O‘zbekistonda amal qiladi.

  • Masalan, kimdir “men Yekaterina Ledovskaya shuni hamma yerda ko‘rishini istayman. Menda uning telefon raqami bor” deydi, shundaymi.

Birgina uning o‘zi yetarli emas, chunki Telegram mingta raqamdan iborat cheklovni joriy qilgan. Siz VIP-mijozlarning mingta raqamini to‘plab, ularga qandaydir taklif berasiz. Mahsulotning qiziq xususiyati shundaki, u kanallar borasida mutlaqo cheklanmagan. Tasavvur qiling, siz bironta ham o‘zbek kanaliga obuna bo‘lmagansiz, ammo, masalan, Varlamov pablikini o‘qiysiz. Agar siz targetda va bazada bo‘lsangiz, bizning reklamani Varlamoqda ko‘rasiz. Boshqachasiga aytganda, kanalga geografik aloqadorlik mavjud emas.

To‘rtinchi noyob vosita – o‘zingiz tanlagan kanallarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama. Ya’ni, siz o‘zingiz istagan kanallarga havolalarni ko‘rsatishingiz mumkin. Bunda kanal ma’muriyati bu reklamaga hech qanday to‘sqinlik qila olmaydi. Barcha hisob-kitoblar esa CPM orqali amalga oshiriladi, unda o‘ta qimmatli yoki arzon kanallar yo‘q – hammasi ko‘rishlar tomoniga tenglashtirilgan.

Shuningdek, yaqinda muhitni tanlash uchun yana bir vosita paydo bo‘ldi – iOS, Android va boshqalar. Siz Telegram’ga leptop orqali kiradigan odamlarni ham targetga olishingiz mumkin.

Timur Bakiyev: “Tanglik – butun kitobning emas, shunchaki bir bo‘lim yakuni”

Bundan kelib chiqadiki, bizda mavjud bo‘lgan eng muhim eksklyuziv omil, bu – o‘zbek tili. Biz lotin va kirill alifbolarida joylashtirishimiz mumkin. Albatta, rusiyzabon o‘zbek kanallari uchun rus tili ham amal qiladi. Shu bois, o‘zbek tilidagi kanallarda paydo bo‘lishni xohlasangiz – marhamat!

Xulosa o‘rnida aytishni istardimki, Telegram – foydalanuvchilar soni bo‘yicha eng katta ijtimoiy tarmoq va unda reklama endigina joylashtira boshlanayotgani tufayli o‘zbek segmenti juda yuqori CTR’ga ega. Ya’ni, yuqori kliklar miqdori. Tabiiyki, reklama ko‘payib borgani sayin u ham pasayadi. Biroq, ayni bosqichda u Google yoki Meta’ga nisbatan deyarli 8-10 baravarga ko‘proq.

Текст:
Фото: