Skip to main content

Reklama va marketing sohasi eksperti Azizbek Yusufov marketingda ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar, O‘zbekistonda reklama bozoridagi trendlar hamda o‘zining biznesdagi xatolari haqida so‘zlab berdi

Mirror Management yirik marketing agentligining hamasoschisi, reklama va marketing sohasi eksperti Azizbek Yusufov eksklyuziv tarzda The Mag tahririyatiga marketingda ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar, O‘zbekistonda reklama bozoridagi trendlar hamda o‘zining biznesdagi xatolari haqida so‘zlab berdi.

  • Siz turli segmentdagi kompaniyalarda – birinchi ehtiyoj tovarlarini ishlab chiqarishda, elektron tijoratda, nashriyotda ishlagansiz. Muzqaymoq ishlab chiqarish bo‘yicha IMKON Plus yirik mahalliy kompaniyada marketing bo‘yicha direktor, so‘ngra tijorat direktori lavozimida faqat bevosita reklama emas, balki tizimli marketing foydasiga ovoz berganlar safida birinchilardan bo‘lgansiz. O‘sha vaqtdan olti yil o‘tdi. Bozor o‘zgardimi?

Marketing vositalari tizimga solinishi kerak. Afsuski, mahalliy kompaniyalar reklama maydonlariga strategiyasiz, rejalashtirishsiz chiqishi bilan bog‘liq tendensiyalar haligacha saqlanib qolmoqda. Bunday yondashuvning oqibatlari – juda oddiy: bekorga sarflangan budjetlar. Aynan shu sababli biz malakamizni reklama agentligidan marketing agentligiga o‘zgartirishga qaror qildik, ekspertlar shtatini yolladik.

  • O‘zbekistondagi reklama bozori va marketing xizmatlari hajmini qanday baholaysiz?

Biz hamkorlarimizning ma’lumotlariga tayangan holda ichki tadqiqotlar o‘tkazdik: O‘zbekistondagi reklama bozorining joriy hajmi (televizion, tashqi, dijital) – 100 million dollar atrofida. Bu juda kam, hattoki, masalan, Qozog‘iston bilan taqqoslaganda ham. Biroq bozor o‘smoqda.

  • Nima sababdan marketing bo‘yicha ekspertlar birovga ishlashdan mustaqil biznesiga ketmoqda?

Bu bozordagi umuman boshqa ko‘lam va ta’sir doirasi. Kimgadir yollanib ishlaganda ta’sir ko‘rsatish hududing bitta kompaniya bilan cheklanadi. Marketing strategiya bo‘yicha agentlik butun tarmoqlarga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Men juda qattiq stressda ketgandim: bungacha tadbirkorlik bilan bog‘liq jiddiy muvaffaqiyatsizlik bo‘lgan, men na o‘zimga, na bu ishlarning umuman menga mosligiga ishonch hosil qilmagandim.

  • O‘shanda qaroringizga nima ta’sir qilgan?

Hamkorimga ishondim. Biz umumiy biznes ochgandan keyin yaqindan do‘stlashdik. Farxod Olimjonov anchadan beri bozorda, o‘shandayoq o‘z agentligi bo‘lgan. Men yollanib ishlashdan ketishni rejalashtirmagan edim, ammo keyinroq qanchalik o‘sishim mumkinligini tushundim.

  • O‘tmishdagi omadsizlikka nima sabab bo‘lgan?

G‘alati eshtilishi mumkin, ammo hamkorni tanlashda adashganman. O‘shanda bu menga yaxshi dars bo‘lgan. Biz poligrafiyani yo‘lga qo‘yganmiz, so‘ngra hamkorim pullar bilan chet elga qochib ketgan, meni esa kompaniyaning 100 ming dollardan ortiq qarzlarini to‘lashimga to‘g‘ri kelgan. Bunga ikkinchi marta qanday jur’at qilganim borasida savol tug‘ilishi tabiiy. Buni his qildim. Menimcha, qalban tadbirkor bo‘lganlar meni tushunadilar: biznesda sen qabul qiladigan qarorlar bor, chunki hech qanday tushuntirishlarsiz buning natijasi bo‘lishini bilasan.

Omadsizliklar – biznesdagi eng qimmatli va samarali tajriba

  • Biznes Sizni yana nimaga o‘rgatdi? Mirror Management nostandart reklama xizmatlari to‘plamini taqdim etadi, aslida esa to‘laqonli marketing strategiyasini oxirigacha amalga oshiradi. O‘zbekiston uchun bu noyob holat.

Omadsizliklar – biznesdagi eng qimmatli va samarali tajriba. Men kareraga, odamlarga, o‘zimning kuchli va zaif tomonlarimga nisbatan qarashimni o‘zgartirdim. Hozir o‘zim uchun tadbirkorlar va biznesmenlarni aniq farqlay olaman. Shunchaki raqamlarni omadli birlashtirib, foyda olayotgan odamlar bor, shuningdek yaratishni, ish o‘rinlarini tashkil etishni, bozor uchun ko‘proq narsani qilishni istaydiganlar ham bor.

Hozir biz chindan mijozga tizimli yechimlarni taqdim etamiz. Jamoamiz uchun shunchaki reklama qilish qiziq emas – biz kompaniyaning rivojlanishini ko‘rishni, reklama orqali tizimli sotuvlar hamda strategik marketing bo‘yicha ekspertiza orqali samaradorlikka ta’sir ko‘rsatishni istaymiz. Bizda mavjud standart to‘plamlar doirasida reklama hajmlari sotuvchisi sifatida ishtirok etamiz, ammo qiziqarli vazifalar kompaniyaning o‘sishini ko‘rishing va bunga sen rahbarlik qilayotgan jamoaning aloqadorligini bilish bilan bog‘liq.

  • Nima uchun marketologlarga talab juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, bozorda mutaxassislar soni kam? Bozorda yetakchi hisoblangan agentlikning rahbari sifatida shtatga xodimlarni tanlashda nimalarga tayanasiz?

Marketing bo‘yicha Uyushmaga a’zo bo‘layotganimda bu masala meni ham o‘ylantirgandi. Biz forumlar, anjumanlar va vorkshoplar yordamida hamkasblarimiz bilan jiddiy volontyorlik ishini amalga oshirdik, tajriba almashardik, yangi mutaxassislarni bozor bilan tanishtirardik. Men uchun rahbar sifatida ekspertlarni tarbiyalash juda muhim. Men yoshlarni tanlayman, “yonuvchi ko‘zlarni” qidiraman.

  • Uyushma haqida gap boshlangan ekan, Siz bir necha marta xalqaro reklama festivallarida hakamlar tarkibida bo‘lgansiz. Ayrim agentliklar festival uchun keyslarni bajarishi rostmi va bu qanchalik samarali?

Hech qanday yangilikni aytishimga hojat yo‘q, bu noto‘g‘ri amaliyot, ko‘pincha bunday keyslar mag‘lub bo‘ladi. Marketing keyslarini mijoz uchun qilish kerak. Festivallar esa – yoqimli bonus. Men bu haqida ikki yil avval “Marketingdagi trendlar” treningida so‘zlagan edim. O‘shanda biz hamkasblarim bilan bu narsaning kompaniyalarga kerakligi yuzasidan munozara qilgandik va natijada festival uchun keyslarni ishlab chiqish kamida foydasiz degan yakdil fikrga kelgandik, chunki sovrinni qo‘lga kirita olmaslik tavakkali yuqori.

  • Marketolog karerasi davomida qaysi loyihangiz eng murakkabi bo‘lgan?

Fikrimcha, IMKON Plus jamoasida. Men u yerda tijorat direktori sifatida bir nechta yangi qatorlar va mahsulotlarni yo‘lga qo‘yganman, bu katta da’vat edi, jamoam bilan tunlari uxlamasdik, ammo uddasidan chiqdik: tizimdagi o‘sha yechimlar kompaniyani yetakchi o‘rinlarga olib keldi. Esimda, “Tiramisu”, “Chizkeyk” shirinliklari qatorini do‘konlarga olib kirganimiz esimda, lekin hattoki qahvaxonalarda ham haqiqiy shirinliklar bo‘yicha bu pozitsiyalar haqida hech kim o‘ylamasdi. O‘shanda bozordan ancha ilgarilab ketgandik. Biroq, buning uchun juda qimmat to‘ladim: o‘g‘limni deyarli ko‘rmasdim. Murakkabligi bo‘yicha ikkinchi loyiha LeBazar bo‘lgan. Loyihaga kelganimda kuniga 35tadan buyurtmamiz bo‘lardi, bir yildan keyin esa barqaror 650ta buyurtmaga chiqdik.

  • O‘zingiz hech qachon buzmaydigan shaxsiy qoidangiz bormi? Ular Sizga 2019-yilda “Yil odami”ga aylanishingizga yordam berganmi?

Men doim ishni oxiriga yetkazaman. Men nimanidir bilmasam buni aytishdan va professional odamni taklif qilishdan uyalmayman.

Текст:
Фото: