Flat Preloader Icon
Qimmatli qog‘oz: aksiyalar va aksiyadorlik jamiyatlari qanday paydo bo‘lganQimmatli qog‘oz: aksiyalar va aksiyadorlik jamiyatlari qanday paydo bo‘lgan

Qimmatli qog‘oz: aksiyalar va aksiyadorlik jamiyatlari qanday paydo bo‘lgan

oblozhkaaktsii

Aksiya qimmatli qog‘ozning bir turi bo‘lib, u egasiga aksiyadorlik jamiyati faoliyatidan ma’lum daromad olish huquqini kafolatlaydi.

Bundan tashqari, aksiya egasiga jamiyatni boshqarishda qatnashish va ayrim qarorlar qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini ham berishi mumkin. E’tiborli jihati shundaki, aynan aksiyalar va aksiyadorlik jamiyatlarining rivojlanishi bilan bog‘liq holda bugungi kunda bizga yaxshi tanish bo‘lgan iqtisodiyotning ko‘plab boshqa fenomenlari vujudga kelgan.

Zamonaviy ma’nodagi dastlabki aksiyalar qayerda paydo bo‘lgani haqidagi qarashlar turlicha. Masalan, 1250-yildayoq Tuluzada Bazakl tegirmonchilar jamiyatining 96 ta aksiyasi sotilgani qayd etilgan, 1288-yilda esa Shvetsiyaning Stora kompaniyasi o‘z mulkining sakkizdan bir qismini aksiyalarga aylantirganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud.

Hatto ilk protoaksiyalar qadimgi Rimda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida nazariya ham mavjud. Bundan tashqari, aksiyalardan qat’i nazar, mablag‘ sarmoya qilish va foyda olish imkoniyatiga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga o‘xshash tuzilmalar antik davrda ham, jumladan qadimgi Xitoyda ham bo‘lgan.

2010-yilda Horn shahri arxivida tasodifan Gollandiyaning Sharqiy Hindiston kompaniyasining 1606-yilga oid asl aksiyasi topildi — bu hozirgi kunda dunyodagi eng qadimgi aksiya hisoblanadi. Aynan XVII asr boshlarida aksiyalar va aksiyadorlik jamiyatlarining rivojlanishida muhim bosqich boshlangan.

7aktsii
Dunyodagi eng qadimgi aksiyalardan biri — Gollandiyaning Sharqiy Hindiston kompaniyasi aksiyasi, 1606 yil

XVI-XVII asrlar oralig‘ida Yevropada Sharq mamlakatlaridan keltirilgan ziravorlar mutlaq sotilish rekordini o‘rnatgan va ularga talab juda yuqori bo‘lgan. O‘sha paytda xalqaro bozorda, shubhasiz, Ispaniya Portugaliya va Angliya bilan birgalikda yetakchilik qilgan, ammo doimiy raqobatdan charchagan Gollandiya mavjud vaziyatni o‘zgartirishga intilgan.

Ammo avval golland savdogarlari bir necha muammolarni hal qilishlari lozim edi. Barcha savdo kemalari ham safardan uyga qaytavermasdi (bunga ko‘pincha ispanlar va portugallar tomonidan talanishi yoki kemalar halokatga uchrashi sabab bo‘lardi), shuning uchun kompaniya rahbariyati bu yo‘qotishlarni tashqi mablag‘lar hisobidan qoplashni istardi. Bundan tashqari, savdo aloqalari o‘rnatilgan mamlakatlarda o‘z infratuzilmasi (avvalo, portlar va zavodlar)ni qurish uchun mablag‘ topish zarur edi. O‘sha paytda zamonaviy Indoneziya va uning atrofidagi orollar hududini Ost-Indiya deb atashardi.

Shunday qilib, 1602-yilda Gollandiya Ost-Indiya kompaniyasi tashkil topdi. Unga Osiyoda savdo faoliyatini yuritish uchun 21 yillik patent berildi, shuningdek, boshqa ba’zi huquqlar ham taqdim etildi: masalan, mustamlakalar barpo etish, asirlarni qo‘lga olish va jazolash, muzokaralar olib borish, hatto urush e’lon qilish imkoniyati ham bor edi. Garchi boshqa mamlakatlarda ham shunga o‘xshash Ost-Indiya kompaniyalari mavjud bo‘lsa-da, Gollandiya kompaniyasi ko‘p jihatdan o‘z sohasida birinchi bo‘ldi.

Masalan, bu dunyodagi ilk ko‘p millatli korporatsiya bo‘lgan deb hisoblanadi. Shuningdek, u dunyodagi birinchi hujjatlashtirilgan korporativ logotipga ega edi: katta V harfi, uning “qanotlari”da kichik “O” va “C” harflari joylashgandi. Ammo ularning eng katta yutuqlaridan biri ilk aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish va o‘z aksiyalarini chiqarish bo‘ldi.

5aktsii
Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasi kemalari Ambon oroli yaqinida (hozirgi Indoneziya hududi), XVII a.

Dengiz savdosiga sarmoya kiritish qadimgi davrlardan beri mavjud bo‘lib, bu odatda yaxshi daromad keltirardi. Biroq endi savdo kompaniyalari va sarmoyadorlar o‘rtasidagi munosabat shakli tubdan o‘zgardi. Aksiyalarni sotib olish imkoniyati jamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi — xavf-xatarlarga qaramay, muvaffaqiyatli dengiz sayohati odatda katta foyda keltirar, yangi qonunga ko‘ra esa aksiyalarni istalgan kishi sotib olishi mumkin edi.

2153 ta aksiya sotildi va har birining narxi 3000 guldenni tashkil etdi. Shunday qilib, Gollandiya Ost-Indiya kompaniyasi 6 million guldendan ortiq mablag‘ jalb qilishga erishdi. Yildan yilga bitta aksiyaning kursi taxminan 10 foizga ko‘tarilib bordi va ma’lum bir bosqichda dastlabki qiymatining 1260 foiziga yetib, o‘z egasiga o‘n ikki barobar foyda keltirdi.

Korxona darhol foyda keltira boshlagani yo‘q: garchi bu 1603-yilda sodir bo‘lishi kutilgan bo‘lsa-da, kompaniya birinchi dividendlarni faqat 8 yildan so‘ng, kuchli bosim ostida va hatto pul bilan emas, balki ziravorlar bilan to‘ladi.

Bu vaziyat oxir-oqibat Amsterdamda birja tashkil etilishiga sabab bo‘ldi. Aksiyadorlar biroz bo‘lsa-da moddiy foyda olishni istaganlaridan aksiyalarni sotish va qayta sotish jarayoni faollashdi. Dastlab bitimlar shahar maydonining o‘zida amalga oshirilar edi, biroq 1608-yilga kelib aksiyalar savdosi uchun maxsus bino qurishga qaror qilindi.

3aktsii
Amsterdamdagi birja hovlisi, bu yerda Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasi aksiyalari oldi-sotdi qilingan 

To‘lovlar bilan bog‘liq muammolar asrning o‘rtalarigacha davom etdi. Tabiiy ravishda bu vaqt mobaynida Ost-Indiya korxonasiga shubha bilan qarovchilar va tanqidchilar ham paydo bo‘ldi. Ammo shundan so‘ng sabr-toqatli sarmoyadorlar mukofotlandi: ko‘p yillar davomida Ost-Indiya kompaniyasi barqaror tarzda katta foyda keltirdi. XVIII asr oxirida kompaniya Buyuk Britaniya bilan uzoq davom etgan va oxir-oqibat muvaffaqiyatsiz raqobatdan so‘ng davlat tasarrufiga o‘tkazildi. Shunga qaramay, hozirda birinchi navbatda uning birinchi aksiyadorlik jamiyati sifatidagi muvaffaqiyatli tajribasi esga olinadi.


XVIII asr aksiyadorlik jamiyatlarining rivojlanishida haqiqiy shov-shuv keltirib chiqardi. Bunga davom etayotgan mustamlakachilik va faol xalqaro savdo sabab bo‘ldi. Muvaffaqiyatli korxonalar orasida bir qancha yangi iqtisodiy tushunchalar va qonunchilik islohotlariga daxldor mashhur fransuz Hindiston kompaniyasi hamda uning asoschisi Jon Lo keysini alohida ta’kidlash lozim.

XVIII asr boshlarida Fransiya amalda xonavayron bo‘lib, katta davlat qarziga ega edi. Shu paytda qirolning jiyani Orlean gersogi moliyaviy loyihalari e’tiborini tortgan shotlandiyalik muhojir Jon Lo bilan tanishdi. Loning obro‘yi juda ziddiyatli edi: bir tomondan, u qimorboz va firibgar sifatida tanilgan, shu sababli u tez-tez hukumat bilan muammolarga duch kelib, hatto yashab turgan mamlakatidan badarg‘a qilinishigacha borgan. Boshqa tomondan, Lo turli mamlakatlarning moliyaviy tizimlarini ishtiyoq bilan o‘rganib, kapital haqida katta risola yozgan (aynan shu risola tufayli u o‘z vatani Shotlandiyadan quvg‘un qilingan edi).

Lo kapital muammosini banklar tomonidan banknotlar — boshqacha aytganda, qog‘oz pullar chiqarish orqali hal qilishni taklif etdi. Bu banklarga oltin va boshqa qimmatbaho metallarni saqlab qolish hamda fuqarolarga ular evaziga oddiy qog‘oz tilxatlar berish imkoniyatini yaratdi. Fransiyada Lo tomonidan tashkil etilgan “Umumiy bank” aynan shu tarzda ish boshladi.

2aktsii
AQShdagi Missisipi daryosi vodiysini o‘zlashtirish uchun aksiyadorlik jamiyatini ochgan fransuz-hind kompaniyasining asoschisi Jon Lo

Bankning muvaffaqiyati Lo uchun yangi korxona tashkil etishga yo‘l ochdi: u Luiziana va Missisipi daryosi vodiysini o‘zlashtirish uchun aksiyadorlik jamiyatini tuzdi. Lo Luiziananing boyliklarini shunchalik maqtab, bo‘rttirib ko‘rsatdiki, tez orada uning korxonasi aksiyalariga bo‘lgan talabni qondirish imkonsiz bo‘lib qoldi — ko‘plab mayda va yirik sarmoyadorlar ularga qiziqish bildira boshladi.

Bu vaqtga kelib, Lo sotib olingan savdo kompaniyalarini birlashtirgan holda Hindiston kompaniyasini tuzib, butun Fransiya importini nazorat qila boshlagan edi. Uning aksiyalariga ulkan navbatlar tizilgan va muvaffaqiyat hikoyalari haqiqatan ham ko‘p edi: aynan Hindiston kompaniyasi aksiyalari bilan birjada savdo qilish tufayli “millioner” tushunchasi paydo bo‘lgan deb taxmin qilinadi. 1720-yillarga kelib, Lo amalda Fransiyada qiroldan keyingi eng nufuzli shaxsga aylandi.

Biroq Loening navbatdagi qarori — soliqlarni yig‘ish huquqi evaziga Fransiyaning davlat qarzini sotib olish uning boshiga yetdi. Qarzni sotib olish uchun quyidagi sxema taklif etildi: davlat qarzdorlik majburiyatlari egalari ularni Hindiston kompaniyasining juda mashhur aksiyalariga ayirboshlashlari mumkin edi, lekin faqat bank orqali va oldindan qog‘oz pullardan foydalangan holda.

Bu g‘oyatda foydali taklif bo‘lib tuyuldi va davlat kreditorlari banklarga oqib kela boshladi. Ammo o‘sha paytga kelib chayqovchilar barcha aksiyalarni allaqachon sotib olishgan edi. Natijada kreditorlar, kutilganidek, qo‘llarida katta miqdordagi qog‘oz pullar bilan qolishdi, ularni endi hech narsa bilan mustahkamlab bo‘lmasdi. Shunday qilib, tarixda birinchi marta ikkita hodisa qayd etildi: iqtisodiy pufak va giperinflyatsiya.

Chayqovchilar bankdan qog‘oz pullarni zudlik bilan oltin va kumushga almashtirish talabini qo‘ya boshladilar. Qo‘llarida qog‘oz pul bo‘lgan oddiy fuqarolar ham darhol ularga ergashdi. Hindiston kompaniyasining aksiyalari kursi qulab, fransuzlarni xonavayron qildi va davlat xazinasini yana bir bor quritdi.


XVIII asr oxiriga kelib ko‘plab shaharlarda birjalar paydo bo‘ldi, XIX asrga kelib esa birja savdosi va aksiyalarni sotib olish mutlaqo kundalik hodisaga aylandi. Dengiz savdosidan ancha tezkor va arzonroq bo‘lgan hamda yangi hududlarni o‘zlashtirishga imkon bergan temiryo‘l tashuvlarining rivojlanishi bilan ularga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi.

4aktsii
Nyu-York fond birjasining savdo maydonchasi, 1881 yil

Ehtimol, birjalar rivojlanishidagi keyingi tubdan yangi bosqich sifatida XX asrning o‘rtalarini va elektron aksiyalarning paydo bo‘lishini aytish mumkindir. 1950-yillarning o‘rtalarida AQSHda aksiyalarga qiziqish past edi. Urush va Buyuk tushkunlik davrini o‘z ichiga olgan bir nechta jiddiy moliyaviy inqirozlardan so‘ng odamlar tavakkal qilishni va oldindan zarar ko‘rishi aniq bo‘lgan korxonalarga mablag‘ kiritishni istashmasdi.

Bundan tashqari, aksiyalarni sotib olish jarayonining o‘zi ham tez, ham qulay emas edi. Birjadagi vaziyat haqida faqat yangi gazetalardan yoki broker bilan shaxsiy muloqot orqali ma’lumot olish mumkin edi, brokerlar xizmati esa ancha qimmatga tushardi. Aytish mumkinki, aynan shu qiyinchiliklar birjalar faoliyatida texnologik taraqqiyotni rag‘batlantirib yubordi.

1970-yillarga kelib investitsiyalarga qiziqish asta-sekin tiklanib bordi va ishning texnologik tomoni talabni qondira olmasligi anglandi. Bu esa birinchi elektron aksiyalarning paydo bo‘lishiga olib keldi. 1971-yilda NASDAQ birjasida tarixda ilk bor aksiya egasining shaxsan ishtirok etishini talab qilmaydigan savdolar amalga oshirildi.

Shubhasiz, kompyuterlashtirish va Internetning paydo bo‘lishi elektron investitsiyalarga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi. Dastlab aksiyalarni ish kompyuterida, keyinchalik uyda sotib olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda esa bu ishni birgina smartfon yordamida amalga oshirish mumkin bo‘lib qoldi.

Hamkorlik yangiliklari